Maxfiylik siyosati
Kuchga kirgan sana: 2026-yil 5-sentyabr · Qaqajon AI ilovasi va qaqajonai.uz sayti uchun
1. Kirish
Qaqajon AI — 3–9 yoshli bolalar uchun ingliz tilini o'rgatuvchi ta'lim ilovasi. Ilovani MChJ «QAQAJON AI GROUP» (STIR 313066646; ro'yxatdan o'tgan manzil: Farg'ona viloyati, Qo'shtepa tumani, Shodlik MFY, Bahmal ko'chasi 12A, 151100, O'zbekiston) — keyingi o'rinlarda «biz» — boshqaradi. Bolalar bilan ishlaganimiz uchun maxfiylikka eng qattiq mezonlar bilan yondashamiz: ilovada reklama yo'q, kuzatuv (tracking) yo'q va ma'lumotlar hech qachon sotilmaydi.
Ushbu hujjat qanday ma'lumot yig'ishimizni, undan qanday foydalanishimizni va ota-ona sifatida sizning huquqlaringizni tushuntiradi.
2. Qanday ma'lumotlar yig'iladi
- Anonim qurilma identifikatori. Hisob yaratish uchun telefon raqami, email yoki parol so'ralmaydi — ilova tasodifiy texnik identifikator (UUID) yaratadi. U bolaning shaxsini aniqlamaydi.
- Bola profili. Ota-ona kiritadigan ism (faqat ism) va yosh. Ism ilova ichida bolaga murojaat qilish uchun ishlatiladi.
- O'quv progressi. Tugatilgan darslar, yulduzlar, XP, tangalar, kunlik seriya (streak) va o'yin natijalari — bolaning o'sishini ko'rsatish uchun.
- Ovoz yozuvlari. Faqat talaffuz mashqi paytida, bola mikrofon tugmasini bosganda yoziladi (batafsil — 3-bo'lim).
- Texnik nosozlik ma'lumotlari. Ilova qulaganda texnik hisobot (qaysi ekran, qaysi kod qatori) yuboriladi — unda shaxsiy ma'lumot, ovoz yoki matn bo'lmaydi.
- Ixtiyoriy ota-ona emaili. Sozlamalarda kiritilsa, faqat hisobotlar uchun saqlanadi.
Yig'MAYMIZ: joylashuv, kontaktlar, kamera, reklama identifikatorlari, ijtimoiy tarmoq profillari. Mikrofon faqat mashq paytida, bola tugmani bosganda ishlaydi.
3. Talaffuz yozuvi bilan nima bo'ladi (eng muhimi)
Ilovada bolaning ovozi ikki xil holatda yoziladi va ular bir-biridan butunlay farq qiladi. Bu bo'lim talaffuz mashqi haqida; oila pochtasidagi ovozli xabarlar boshqacha ishlaydi va ular saqlanadi — 4-bo'limga qarang.
Talaffuzni baholash uchun bolaning ovozi quyidagi yo'lni bosib o'tadi:
- Yozuv shifrlangan aloqa (HTTPS) orqali O'zbekistondagi serverimizga yuboriladi.
- Server uni matnga aylantirish uchun Deepgram, Inc. (AQSh) nutqni aniqlash xizmatiga uzatadi.
- Qaytgan matn mashqdagi so'z bilan solishtiriladi va bolaga natija ko'rsatiladi.
- Talaffuz yozuvi serverimizda saqlanmaydi — solishtirishdan so'ng darhol o'chiriladi (vaqtinchalik fayl har holatda, xatoda ham, o'chadi). Aytilgan matnning o'zi ham jurnallarga (log) yozilmaydi: faqat uzunligi yoziladi.
Shuningdek, bolaning ismi ovozli salomlashish yaratish uchun matn ko'rinishida ElevenLabs (AQSh) va Mohira AI / uzbekvoice.ai (O'zbekiston) ovoz sintez xizmatlariga yuborilishi mumkin. Tayyor audio fayllar serverimizda keshda saqlanadi.
4. Oila pochtasi — bu yerda ovoz SAQLANADI
«Oila pochtasi» — qarindoshlar (buvi, bobo, ota-ona) bolaga ovozli xabar, surat yoki qisqa matn yuboradigan ixtiyoriy imkoniyat. Ota-ona uni yoqmasa, quyidagilarning hech biri bo'lmaydi.
- Nima saqlanadi. Qarindoshning ovozli xabari, surati yoki matni, va bolaning javob ovozi — O'zbekistondagi serverimizda, fayl ko'rinishida.
- Qancha turadi. Bor-yo'g'i 3 kun — bola eshitdimi yoki yo'qmi, farqi yo'q. Uchinchi kundan keyin har kecha ishlaydigan tozalagich xabarni fayli bilan birga butunlay o'chiradi.
- Telegram nima ko'radi. Qarindosh xabarni Telegram boti orqali yuboradi, ya'ni asl yozuv avval Telegram tizimida bo'ladi (Telegram Messenger Inc., o'z siyosati bilan). Biz botga faqat bildirishnoma va vaqtinchalik imzolangan havola yuboramiz. Bolaning javob ovozi Telegramga YUKLANMAYDI — u serverimizda qoladi, qarindosh esa havola orqali tinglaydi. Bolaning ismi va yoshi ham botga yuborilmaydi.
- Nima qilinmaydi. Oila xabarlari hech qachon matnga aylantirilmaydi, sun'iy intellektga berilmaydi, ovoz namunasi (voiceprint) sifatida ishlatilmaydi va reklama uchun tahlil qilinmaydi.
- Ota-ona nazorati. Ota-onalar bo'limidan istalgan qarindoshni uzish mumkin — uzilgan zahoti yetkazish to'xtaydi. Butun hisobni o'chirsangiz, oila xabarlari fayllari bilan birga ketadi.
5. Foydalanish statistikasi va ota-ona fikri
- Ichki statistika. Ilova qanday ishlatilayotganini bilish, xatolarni topish va xarajatni nazorat qilish uchun hodisalar yoziladi: hodisa nomi, anonim qurilma/bola identifikatori, yosh guruhi (aniq yosh emas), ilova versiyasi va vaqt. Bu ma'lumot faqat bizning serverimizda qoladi, uchinchi tomonga berilmaydi va 90 kundan keyin o'chadi; undan keyin faqat kimga tegishli ekani bilinmaydigan umumiy sanoq qoladi.
- Ota-ona fikri. «Fikr yuborish» orqali yozganingiz, agar o'zingiz qoldirsangiz — bog'lanish ma'lumotingiz, ilova versiyasi va qurilma turi saqlanadi va 180 kundan keyin o'chadi.
6. Ma'lumotlar qayerda saqlanadi
Barcha profil va progress ma'lumotlari O'zbekiston hududidagi (Toshkent) serverda saqlanadi — «Shaxsiy ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni (O'RQ-547) talablariga muvofiq. Aloqa faqat HTTPS orqali shifrlanadi; texnik kalitlar hech qachon telefon ilovasida saqlanmaydi.
7. Uchinchi tomon xizmatlari
Quyidagi xizmatlar faqat ko'rsatilgan vazifa uchun ishlatiladi; ularga reklama yoki profillash maqsadida hech narsa berilmaydi:
- Deepgram, Inc. — bola nutqini matnga aylantirish (AQSh).
- ElevenLabs — inglizcha o'qituvchi ovozini yaratish (AQSh).
- Mohira AI (uzbekvoice.ai) — o'zbekcha ovoz yaratish (O'zbekiston).
- Sentry — texnik nosozliklar hisoboti (Yevropa Ittifoqi serverlari; shaxsiy ma'lumotsiz rejimda).
- Telegram Messenger Inc. — faqat «Oila pochtasi» yoqilgan bo'lsa: qarindosh xabarni Telegram orqali yuboradi va biz botga bildirishnoma hamda vaqtinchalik havola yuboramiz (4-bo'limga qarang).
Ilovada reklama tarmoqlari, marketing-trackerlar va uchinchi tomon analitika SDK'lari yo'q — foydalanish statistikasi faqat o'z serverimizda yuritiladi (5-bo'lim). Ma'lumotlar hech kimga sotilmaydi va almashtirilmaydi. Yuqoridagi xizmatlar bizning topshirig'imiz bilan, faqat ko'rsatilgan vazifa uchun ishlaydi.
8. Saqlash muddati va o'chirish
- Talaffuz yozuvi — saqlanmaydi, transkripsiyadan keyin darhol o'chadi.
- Oila pochtasi xabarlari — kelganidan 3 kun, keyin fayli bilan butunlay o'chadi.
- Profil va progress — hisob turgan muddat davomida.
- Foydalanish hodisalari — 90 kun. Ota-ona fikri — 180 kun.
- Ulanish kodlari — 15 daqiqa.
O'chirish. Ilovaning ota-onalar bo'limidagi «Hisobni va ma'lumotlarni o'chirish» tugmasi hammasini darhol o'chiradi. Ilovaga kira olmasangiz, qaqajonai.uz/hisobni-ochirish sahifasidagi tartib bo'yicha so'rov yuboring — 7 ish kuni ichida bajaramiz. Zaxira nusxalardagi qoldiq 30 kunlik zaxira aylanishi tugagach yo'q bo'ladi.
9. Ota-onalarning huquqlari
Siz istalgan vaqtda: bolangiz haqida qanday ma'lumot saqlanayotganini so'rashingiz, uni to'g'rilatishingiz yoki butunlay o'chirtirishingiz mumkin. Ilovaning ota-onalar bo'limi (matematik qulf bilan himoyalangan) orqali hisobni o'zingiz o'chirishingiz, oila pochtasiga ulangan qarindoshni uzishingiz va kunlik o'yin vaqtini belgilashingiz mumkin.
10. O'zgarishlar
Siyosat yangilansa, bu sahifada yangi sana bilan e'lon qilinadi. Jiddiy o'zgarishlar (masalan, yangi uchinchi tomon xizmati) alohida ko'rsatiladi.
11. Bog'lanish
Savollar va so'rovlar uchun: azizbekeshmominov33@gmail.com